Aylana va doira

Matematika 6-sinf
Mavzu: Aylana va doira
Matn: Atrofimizda dumaloq narsalar juda ko‘p. Ularning ba’zilari doirani eslatadi. Bular — obinon va quymoq, medal va tangalar, limon bo‘lagi ...Yanaboshqalari, masalan, halqa, velosiped g‘ildiragi, uzuk kabilar aylanaga juda o‘xshaydi.

Xo‘sh, birini aylanaga, birini doiraga o‘xshaydi, dedik. Aylananing doiradan nima farqi bor? Aylana bilan cheklangan narsalar­ning hammasi — doira. Aylana esa shu doiraning chetlarigina, xolos.

Aylana — faqat chiziq. Oq qog‘oz ustiga dumaloq stakanni qo‘yib, atrofidan qalam yurgizib chiqsak, hosil bo‘lgan ingichka dumaloq chiziq aylana bo‘ladi. Aylana chizish uchun sirkuldan ham foydalanish mumkin. Agar sirkul bo‘lmasa, qog‘oz varag‘ini yog‘och taxtacha ustiga qo‘yib, o‘rtasiga bitta knopka qadang, tagiga pishiq ip bog‘lab qo‘ying, ipning ikkinchi uchiga qalam bog‘lang. Qalamning ip bog‘langan joyidan ushlab, tarang torting-da, aylanma chiziq chizib chiqing, shunda aylana hosil bo‘ladi.

Doira — yassi shakl, uni qirqib tayyorlash mumkin. Hali chizgan aylanangizni atrofidan qaychi bilan qirqib chiqsangiz, doira hosil bo‘ladi.

Doira va aylana «egizaklar», «opa-singillar»dir. Ular har doim birga «yurishadi»: aylana chizdingizmi — doira hosil bo‘ladi, doira qirqib oldingizmi — qaychi yurgan yo‘l aylanani bildiradi. Sirkul qo‘yiladigan yoki haligi knopka qadaladigan nuqta aylana va doira markazi hisoblanadi. Limon bo‘lagi va velosiped g‘ildiragi markazini topish oson.

Arava g‘ildiragining kegaylari, markazni aylanadigan nuqta bilan tutashtiruvchi kesmalar — aylana va doira radiuslari. Bir chiziqda yotgan va bir-birini davom ettiradigan ikki radius diametrni hosil qiladi.

Aylana va doira, ularning radiuslari va diametrlari haqida juda ko‘p qiziqarli narsalar­ni hikoya qilish mumkin.